Ushbu maqolada maktabgacha yoshdagi bolalarda ijodiy qobiliyatlarning shakllanishi va rivojlanishida maktabgacha ta’lim tizimining tutgan o‘rni hamda uning psixologik va pedagogik xususiyatlari yoritilgan. Tadqiqot davomida ijodiy tafakkur, tasavvur, fantaziya kabi qobiliyatlarning aynan 3–6 yosh oralig‘ida eng faol rivojlanishi ilmiy manbalarga tayangan holda asoslab berilgan. Maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar – loyiha asosida ta’lim berish, noan’anaviy metodlar, erkin ijodiy faoliyat, rolli va dramatik o‘yinlar orqali bolalarda ijodkorlikni rag‘batlantirish usullari tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va amaliy tajribalarning ijodiy salohiyatni rivojlantirishdagi samarasi misollar bilan ko‘rsatib berilgan. Maqola pedagoglar, psixologlar va ota-onalar uchun foydali ilmiy-amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.